Akademik litseyga iqtidorli o‘quvchilarni saralab olish tartibi

“Iqtidorli yoshlarni saralab olish tizimi va akademik litseylar faoliyatini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2020 yil 3 dekabrdagi PQ-4910-son qaroriga muvofiq Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyiga 2020-2021 o‘quv yili uchun o‘quvchilarni qabul qilish ikki bosqichli tizimda amalga oshiriladi.  

Birinchi bosqichda dastlabki yozma imtihon o‘tkaziladi. Dastlabki yozma imtihon kirish test sinovlaridan avval akademik litsey tomonidan o‘tkaziladi hamda uning yakunlari bo‘yicha o‘quvchilarni kirish test sinovlarini topshiruvchilar ro‘yxatiga kiritish to‘g‘risida qaror qabul qilinadi. Dastlabki yozma imtihonni o‘tkazish tartibi hamda baholash mezonlari Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi rasmiy veb-sayti va ommaviy axborot vositalarida e’lon qilinadi.

Ikkinchi bosqichda Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat test markazi tomonidan maxsus hududlarda test sinovlari o‘tkaziladi. Test sinovlari quyidagi bo‘limlardan tashkil topadi:

I bo‘lim — tanlangan yo‘nalishga mos 2 ta fan (biologiya, kimyo) bo‘yicha test sinovlari;

II bo‘lim — intellektual qobiliyat darajasi (IQ)ni aniqlash bo‘yicha test.

Akademik litseyga qabul qilishda fan olimpiadalari, tanlovlar g‘oliblari va fanlarni o‘zlashtirish sertifikatiga ega bo‘lganlar uchun quyidagi imtiyozlar mavjud:

1) Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad (IChO), Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad (IBO) xalqaro fan olimpiadalarida ishtirok etgan yoki Xalqaro Mendeleev olimpiadasi, O‘smirlar o‘rtasida Xalqaro Tabiiy fanlar olimpiadasi (International Junior Science Olympiad (IJSO) da g‘oliblikni qo‘lga kiritgan umumta’lim muassasalarining 8-9-sinf o‘quvchilari  akademik litseyning mos yo‘nalishiga qabul parametrlaridan tashqari imtihonsiz qabul qilinadilar.

2) Umumta’lim muassasalarining 9-sinf bitiruvchilari orasidan fan olimpiadasining respublika bosqichida 1 — 3-o‘rinlar g‘oliblari akademik litseyning mos yo‘nalishiga hujjat topshirganda, dastlabki yozma imtihondan ozod etiladi va ixtisoslik fani bo‘yicha test sinovidan maksimal ball beriladi.

3) Akademik litseylar tomonidan umumta’lim muassasalarining iqtidorli o‘quvchilarini jalb qilish maqsadida 8-9-sinf o‘quvchilari o‘rtasida o‘tkazilgan olimpiada va tanlovlar g‘oliblari dastlabki yozma imtihondan ozod etiladi.

Ta’kidlash joizki, akademik litseyga hujjat topshiruvchilarni ro‘yxatdan o‘tkazish Yagona interaktiv davlat xizmatlari portali hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining rasmiy veb-sayti orqali amalga oshiriladi.