AKADEMIK LITSEY TARIXI VA BUGUNI

Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi 1997 yil O‘zbekiston Respublikasi sog‘liqni saqlash vazirligi tasarrufida tashkil etilgan. Ta’lim muassasasi O‘zbekiston  Respublikasi  Prezidentining  1999  yil  6 avgustdagi F-1045 farmoyishi hamda Oliy va o‘rta maxsus ta’li vazirligining 1999 yil 10 avgustdagi 240-sonli buyrug‘iga asosan akademik litsey maqomini olgan.

Akademik litsey tabiiy fanlar yo‘nalishiga ixtisoslashgan bo‘lib, o‘quvchilarga biologiya va kimyo fanlaridan chuqurlashtirilgan bilim beriladi.

2001-2020 yillar oralig‘ida akademik litseyni jami 4394 nafar o‘quvchi tamomlagan, shundan 3542 nafari (80,6%) oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirgan.

Akademik litseyga Artikbay Ishankulov 1997 yildan buyon rahbarlik qilib kelmoqda. Uning rahbarligida tabiiy fanlar yo‘nalishida o‘quv jarayonini takomillashtirish, o‘qitishning me’yoriy hujjatlarini ishlab chiqish, chuqurlashtirilgan fanlardan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratish, xalqaro fan olimpiadalarida o‘quvchilarning muvaffaqiyatli ishtirokini ta’minlash kabi sohalarda katta yutuqlarga erishildi.

Akademik litseyda tajribali pedagoglar jamoasi shakllangan. Barcha fanlaridan yuqori malakali o‘qituvchilar ta’lim-tarbiya berib kelmoqda. Akademik litsey o‘qituvchilari tabiiy fanlar yo‘nalishidagi akademik litseylar uchun namunaviy o‘quv reja, chuqurlashtirilgan fanlardan namunaviy o‘quv dasturlari va o‘quv-metodik adabiyotlar yaratishda faol qatnashmoqda. Jumladan, 2000 yillardan buyon akademik litseylarning Tabiiy fanlar yo‘nalishi uchun namunaviy o‘quv rejalarini ishlab chiqishda litsey mutaxassislari tuzuvchi, taqrizchi sifatida jalb etilib kelinmoqda. Akademik litsey o‘qituvchilari biologiya, kimyo fanlari bo‘yicha namunaviy o‘quv dasturlarini yaratishda muntazam ishtirok etishmoqda. Akademik litsey rahbari va o‘qituvchilari chuqurlashtirib o‘qitiladigan biologiya fanidan darslik va o‘quv qo‘llanmalari yaratishda ham respublikadagi peshqadam hisoblanadi. 2011-2019 yillar mobaynida umumta’lim fanlaridan 9 ta darslik tayyorlangan. Ular bugun mamlakatimizdagi umumta’lim maktablari, akademik litsey va kasb-hunar kollejlarida  o‘qitilmoqda.

2016 yilda “Biologiya” darsligi yilning eng yaxshi o‘quv adabiyoti nominatsiyasi bo‘yicha 1-o‘rinni egalladi.

2017 yilda umumta’lim maktablarining 10-sinflari va o‘rta maxsus kasb-hunar ta’lim muassasalarining o‘quvchilari va 2018 yilda umumta’lim maktablarining 11-sinf o‘quvchilari uchun “Biologiya” darsligi o‘zbek va rus tillarida chop etildi.

Ta’kidlash joizki, akademik litseyda o‘quvchilarni kimyo hamda biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlariga tayyorlash, ularda muntazam va faol ishtirok etishlarini ta’minlash bo‘yicha o‘ziga xos tizim shakllangan. Akademik litsey o‘quvchilari 2008 yildan buyon kimyo, biologiya fanlaridan xalqaro va respublika miqyosda o‘tkazilgan fan olimpiadalari va tanlovlarida muntazam ravishda muvaffaqiyatli ishtirok etib, qator sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar. 2008-2020 yillar mobaynida nufuzli fan olimpiadalari va tanlovlarida jami 80 ta medal qo‘lga kiritildi, shundan 11 ta oltin, 24 tasi kumush, 45 tasi bronza medallaridir. Jumladan:

Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida 2008 yilda birinchi marta ishtirok etib birdaniga 1 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega bo‘lishdi. Mazkur xalqaro olimpiadada 2008-2021 yillar davomida jami 41 ta medal qo‘lga kiritildi, shundan 5 tasi oltin, 13 tasi kumush va 23 tasi bronza medallari;

Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad — IChO)da akademik litsey o‘quvchilarining ishtiroki birinchi marta 2013 yildan boshlangan va birinchi yilidayoq 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgan. 2013-2020 yillar davomida litsey o‘quvchilari mazkur olimpiadada har yili ishtirok etishib, 2 ta oltin, 6 ta kumush, 9 bronza, jami 17 ta medal sohibi bo‘lishdi;

Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad IBO) akademik litsey o‘quvchilari 2019 yilda ilk bor qatnashib, 2 ta bronza medali sohibi bo‘lishdi. 2020 yilda esa 1 ta oldin medal qo‘lga kiritilib, mazkur nufuzli xalqaro olimpidada jami 3 ta medalni qo‘lga kiritishdi;

ChemiCo xalqaro kimyo tanlovi (International Chemistry Competition ChemiCo) Singapur davlatida ChemiCo kompaniyasi tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro tanlovda akademik litsey o‘quvchilari 2018,  2019 va 2020 yillarda ishtirok etib, 3 ta oltin, 5 ta kumush va 11 ta bronza, jami 19 ta medalni qo‘lga kiritdilar.

Akademik litsey rahbari va o‘qituvchilarining fidokorona mehnati hukumatimiz tomonidan e’tirof etilib, munosib taqdirlanib kelinmoqda. Jumladan, akademik litsey direktori  A.Ishankulov 2008 yilda “Fidokorona xizmatlari uchun ordeni” bilan, 2020 yilda O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan yoshlar murabbiysi faxriy unvoni bilan mukofotlangan. Shuningdek, 2008, 2019 va 2020 yillarda uch nafar o‘qituvchi “Shuhrat”medali, 2013 yilda bir nafar o‘qituvchi “Do‘stlik” ordeni bilan taqdirlandi.

Shu bilan birga, akademik litseyning o‘quvchilari ham ilm-fan sohasida erishgan yutuqlari uchun davlat mukofoti bilan taqdirlandilar. Jumladan, o‘quvchilarimiz 2013 yilda “Shuhrat” medali, 2019 yilda “Mard o‘g‘lon” ko‘krak nishoni, 2016 yilda “O‘zbekiston belgisi” ko‘krak nishoni, 2020 yilda “Zulfiya” mukofoti va “Mard o‘g‘lon” ko‘krak nishoniga  sazovor bo‘lishdi.

Bugungi kunda akademik litseyda jami 45 nafar o‘qituvchi faoliyat ko‘rsatmoqda, shundan 30 nafari asosiy shtatda, 15 nafari soatbay. Pedagog kadrlarning 21 nafari bosh o‘qituvchi, 7 nafari yetakchi o‘qituvchi, 6 nafari katta o‘qituvchi va 11 nafari oliy ma’lumotli mutaxassislardir.

Akademik litseyda jami 8 nafar ilmiy daraja va unvonga ega pedagoglar, jumladan, 1 nafar fan doktori, professor va 7 nafar fan nomzodi o‘quvchilarga ta’lim-tarbiya berishmoqda.

Akademik litseyda 4 ta kafedra mavjud:

Biologiya kafedrasi;

Kimyo kafedrasi;

Aniq va ijtimoiy fanlar kafedrasi;

Tillar kafedrasi.

Akademik litseyda kimyo, biologiya, ona tili va adabiyot, matematika, ingliz tili fanlari bo‘yicha  20 dan ortiq to‘garaklar, 4 ta sport seksiyasi mavjud.

Akademik litsey Toshkent pediatriya tibbiyot instituti, Nizomiy nomidagi Toshkent davlat pedagogika universiteti, Mirzo Ulug‘bek nomidagi O‘zbekiston Milliy universiteti, Alisher Navoiy nomidagi Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti instituti, Nizomiy nomidagi TDPU huzuridagi xalq ta’limi xodimlarini qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish hududiy markazi bilan hamkorlik aloqalarini o‘rnatgan, ular bilan tuzilgan shartnomalarda belgilangan ishlar amalga oshirilmoqda.

Akademik litseyda M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universiteti bilan xalqaro hamkorlik yo‘lga qo‘yilgan. Mazkur universitet bilan ilmiy-amaliy tadqiqot ishlarini olib borish, hamkorlikda o‘quv-uslubiy qo‘llanmalar, darsliklar chop etish, o‘zaro tajriba almashish, o‘quvchilarni xalqaro olimpiadalarga tayyorlash maqsadida tuzilgan shartnoma asosida samarali ish olib borilmoqda.

Akademik litsey

pedagog kadrlari

0
JAMI
0
Bosh o'qituvchi
0
Etakchi o'qituvchi
0
Katta o'qituvchi
0
Oliy ma'lumotli
Akademik litsey

Ilmiy darajali pedagog kadrlari

0
JAMI
0
Fan doktori
0
Fan nomzodi