55-XALQARO MENDELEEV KIMYO OLIMPIADASIDA QATNASHGAN 7 NAFAR O‘QUVCHINING BARCHASI G‘OLIBLIKNI QO‘LGA KIRITDI

2021 yil 20-26 aprel kunlari 28 ta davlat o‘quvchilari o‘rtasida 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi onlayn tarzda o‘tkazildi. O‘zbekiston sharafini mazkur olimpiadada 7 nafar o‘quvchi himoya qilib, 7 nafari ham medal sohibi bo‘ldi.

 Olimpiadada Avstriya, Xitoy, Turkiya, Rossiya, Saudiya Arabistoni, Isroil, Xorvatiya, Vengriya va boshqa mamlakat jamoalari bilan birga mamlakatimiz terma jamoasi ham ishtirok etdi. Xalqaro olimpiada Xalq ta’limi vazirligining Fan olimpiadalari bo‘yicha iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlash departamenti tomonidan Toshkent shahri Yunusobod tumani 9-Axborot texnologiyalarga ixtisoslashtirilgan maktabda o‘tkazildi va jarayonlar tashkiliy qo‘mita tomonidan jami 17 ta vebkamera va mikrofonlar orqali kuzatib borildi.

Xalqaro olimpiada ikkita nazariya turda o‘tkazildi. Ilk bosqichda barcha ishtirokchilar 8 ta majburiy masala ishlagan bo‘lsa (jami 80 ball), ikkinchi bosqichda kimyo fanining 5 bo‘limiga oid 15 masaladan ixtiyoriy 5 tasini ishlash talab qilindi (jami 75 ball). Ikki bosqich natijalariga ko‘ra g‘olib o‘quvchilar aniqlandi.

Yakuniy natijalarga ko‘ra vatanimiz sharafini himoya qilgan o‘quvchilarimiz 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medallari bilan taqdirlandi.

O‘tgan yilgi 54-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasi 1 ta oltin va 5 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan edi.

G‘olib ishtirokchilarga diplomlar va medallar hamda sovg‘a qilinadigan kitoblar tashkiliy qo‘mita tomonidan pochta orqali jo‘natiladi.

Ma’lumot uchun: Bugungi kungacha O‘zbekiston terma jamoasining hisobida 7 ta oltin, 20 ta kumush va 51 ta bronza medallari mavjud.

55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida sovrindor o‘rinlarni qo‘lga kiritgan o‘quvchilar

🥇Oltin medal – 1 ta

Firdavs Sobirov – Buxoro shahar 35-umumiy o‘rta ta’lim maktabi o‘quvchisi.

🥈Kumush medal – 4 ta

Azimjon Jamolov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi;

Sobirjon Amanov – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi;

Nafisa Normurodova – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi;

Durdona Muxtarxo‘jaeva – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab-internati o‘quvchisi.

🥉Bronza medal – 2 ta

Ikromiddin Boymahammadov – Abu Ali ibn Sino nomidagi yosh biologlar va kimyogarlar ixtisoslashtirilgan maktab o‘quvchisi; Begzod Ro‘ziboev – Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyi o‘quvchisi.