MEDALLAR SONI SAKSONTA BO‘LDI

Joriy yilning 20-26 aprel kunlari Toshkent shahri, Yunusobod tumanidagi 9-Axborot texnologiyalariga ixtisoslashtirilgan maktabda onlayn tarzda o‘tkazilgan 55-Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida O‘zbekiston terma jamoasidan 7 nafar o‘quvchi ishtirok etib, ularning barchasi holiblikni qo‘lga kiritdi. Ikki boosqichda o‘tkazilgan olimpiada natijalariga ko‘ra mamalakatimiz sharafini himoya qilgan o‘quvchilar 1 ta oltin, 4 ta kumush va 2 ta bronza medali bilan taqdirlandi. G‘oliblar orasida Toshkent pediatriya tibbiyot instituti akademik litseyining uch nafar o‘quvchisi ham bor. Ularning ikki nafari kumush, bir nafari esa bronza medali sohibi bo‘lishdi. Shunday qilib, akademik litseyimiz o‘quvchilarining xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarida qo‘lga kiritgan medallari soni 80 ga yetdi.

Xalq ta’limi vazirligi delegatsiyasining bir necha hafta oldin Rossiya Federatsiyasiga bo‘lgan amaliy tashrifi davomida M.V.Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetida bo‘lgan uchrashuv jarayonida kimyo bo‘yicha Xalqaro Mendeleev olimpiadasi direksiyasi rahbari Valentin Nenaydenko o‘zbekistonlik o‘quvchilarning so‘nggi paytda ko‘rsatayotgan natijalarini e’tirof etib, bunda alohida o‘rinni Toshkent pediatriya tibbiyot instituti qoshidagi akademik litseyda shakllangan ilmiy maktab egallashini qayd etganligi bejiz emas. 

Ta’kidlash joizki, akademik litseyda o‘quvchilarni kimyo hamda biologiya fanlari bo‘yicha xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlariga tayyorlash, ularda muntazam va faol ishtirok etishlarini ta’minlash bo‘yicha o‘ziga xos tizim shakllangan. Litseyimiz o‘quvchilari 2008 yildan buyon kimyo, biologiya fanlaridan xalqaro va respublika miqyosda o‘tkazilgan fan olimpiadalari va tanlovlarida muntazam ravishda muvaffaqiyatli ishtirok etib, qator sovrinli o‘rinlarni qo‘lga kiritib kelmoqdalar.

O‘quvchilarimizning dunyo miqyosidagi bunday yuqori natijalarni zabt etishlarida qator omillarni sanab o‘tish mumkin. Avvalo eng asosiy omil – bu davlatimiz rahbari rahnomaligida mamlakatimizda ta’lim-tarbiya sohasida olib borilayotgan ulkan ijobiy o‘zgarishlar, yosh avlodning chuqur bilim olishi, o‘z iste’dodi va salohiyatini yuzaga chiqarishi uchun yaratilayotgan shart-sharoitlar, o‘zini namoyon qilish uchun qaratilayotgan e’tibor, berilayotgan imtiyozlar va rag‘batlarning mavjudligidir.     

Albatta, ushbu yutuqlarga erishishda akademik litseyga uzoq yillar rahbarlik qilib kelayotgan professor Ortiqboy Ishonqulovning xizmatlari beqiyos. Bu insonning jonkuyarligi, tashabbuskorligi va tinimsiz sa’y-harakatlari tufayli xalqaro fan olimpiadalari Rossiya davlatida o‘tkaziladimi, Amerika Qo‘shma Shtatlarida yoki Fransiyadami, ularda har yili litsey o‘quvchilarining muntazam ishtiroki ta’minlandi. Buning natijasida fan olimpiadalarini  o‘tkazish tartibi, qoidalari, saviyasi, beriladigan masala, topshiriq va savollarning qiyinlik darajasi, boshqa davlatlardan qatnashayotgan ishtirokchilarning bilim darajasi kabi olimpiada bilan bog‘liq faktorlar puxta o‘rganilib, bu borada katta tajriba to‘plandi.

O‘qituvchilar jamoasining yaxshi shakllanishi ham asosiy omillardan biridir. Akademik litseyda faoliyat ko‘rsatayotgan kimyo, biologiya o‘qituvchilarining yuqori malakasi va tajribasi, ularning samarali mehnati va intilishlari ushbu yutuqlarga erishishga katta zamin yaratdi. Akademik litseyda iqtidorli o‘quvchilar bilan ishlashning samarali tizimi yaratildi. Eng is’tedodli va zukko o‘quvchilar alohida guruhlarga saralanib, ular bilan muntazam qo‘shimcha mashg‘ulotlar o‘tkazilib borildi. Saralangan guruhning xolis va haqqoniy shakllantirilishi esa barcha yutuqlar garovidir. Mahoratli pedagoglar to‘plangan boy tajribalar asosida o‘quvchilarning xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlari darajasidagi bilimlarni egallashlariga alohida e’tibor qaratmoqda.  

 Fan olimpiadalarida erishilgan natijalarning yana bir omili bu o‘zaro hamkorlik shartnomalari asosida oliy ta’lim muassasalarining professor-o‘qituvchilari hamda O‘zbekiston Respublikasi Fanlar Akademiyasining yetuk mutaxassilarini bu sohadagi ishlarga jalb etilishidir. O‘quvchilarning muvaffaqiyatida yurtimizdagi atoqli olimlarning, ilm-fan arboblarining hissasi katta bo‘lyapti. Ular o‘quvchilar bilan muloqot olib borib, ularning ilm-fanga qiziqishini, tadqiqotchilik faoliyatiga rag‘batini oshirmoqda. Jumladan, O‘zbekiston Fanlar akademiyasi vitse-prezidenti Baxtiyorjon Ibrohimov, akademiklar Abdulahad Jamilov, Turg‘unpo‘lat Daminov, Flora Inoyatovaning o‘quvchilar bilan ilmiy-amaliy suhbat o‘tkazayotgani o‘z natijasini bermoqda.

Bundan tashqari, Lomonosov nomidagi Moskva davlat universitetining kimyo, biologiya fakultetlari bilan hamkorlik yo‘lga qo‘yildi. Mazkur universitet mutaxassislari kimyo fanlari nomzodi, dotsent Katovshikov Yuriy Nikolaevich va kimyo fanlari nomzodi, dotsent Livanov Aleksandr Vladimirovichlar O‘zbekistonga kelib, bir necha oy davomida akademik litseyda o‘quvchilariga qiziqarli va mazmunli dars mashg‘ulotlarini olib borishdi. Bu kelgusida sovrindorlarning yanada ko‘payishiga xizmat qildi.

Albatta, iqtidorli o‘quvchilar bilan muntazam ishlash, sifatli dars mashg‘ulotlari, sermashaqqat mehnat va tinimsiz sa’y-harakatlar, o‘quvchilar va o‘qituvchilarni moddiy va ma’naviy qo‘llab-quvvatlash – bularning barchasi o‘z natijasi va samarasini berdi. 2008 yilda Toshkent shahrida o‘tkazilgan 42-Xalqaro Mendeleev olimpiadasida litsey o‘quvchisi Maqsudxo‘jaev Anvarxo‘ja oltin, Mirzaev Ravshan esa kumush medalni qo‘lga kiritishdi. Aynan shu yildan boshlab akademik litsey o‘quvchilariga kimyo va biologiyadan o‘tkaziladigan eng nufuzli xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarda muntazam ishtirok etishlari uchun keng yo‘l ochildi.

2013 yilda Moskva shahrida o‘tkazilgan 45-Jahon kimyo olimpiadasida litsey o‘quvchisi Boltaev Behzodbek oltin medalni qo‘lga kiritdi. Bu esa respublikamiz ta’lim tizimi tarixida matematika, fizika, kimyo, biologiya, informatika kabi olimpiada o‘tkaziladigan barcha fanlar bo‘yicha xalqaro fan olipiadalarida qo‘lga kiritilgan birinchi oltin medal bo‘lib, bu baxt aynan litseyimiz o‘quvchisiga nasib etdi. Ushbu erishilgan g‘alaba uchun Boltaev Behzodbek hukumatimiz tomonidan “Shuhrat” medali bilan taqdirlandi. 2020 yil Yaponiyada tashkil etilgan 31-Xalqaro biologiya olimpiadasida litsey o‘quvchisi Valijonova Saida 1-o‘rinni egallab, oltin medalga sazovor bo‘ldi. Va bu ham mamlakatimiz terma jamoasi o‘z tarixida biologiyadan o‘tkaziladigan bunday nufuzli xalqaro olimpiadada ilk bor qo‘lga kiritilgan oltin medal sifatida tarixga muhrlandi.

Akademik litsey o‘quvchilari Rossiya, AQSh, Yaponiya, Fransiya, Turkiya, Janubiy Koreya, Singapur, Daniya, Shveysariya, Vetnam, Indoneziya, Tailand, Slovakiya va Chexiya, Vengriya, Belorus, Eron, Qozog‘iston, Ozarbayjon, Armaniston, Gruziya kabi ko‘plab davlatlarda kimyo va biologiya fanlaridan o‘tkazilgan xalqaro olimpiada va tanlovlarda ishtirok etib, katta natijalarga erishib kelmoqda.

Shu vaqtga qadar o‘quvchilarimiz xalqaro fan olimpiadalaridagi g‘alabalari bilan davlatimiz bayrog‘ini 80 bor baland ko‘tarishga muvaffaq bo‘ldi. 2008 yildan bugungi kunga qadar akademik litsey jamoasi va  o‘quvchilarining yutuqlari, samarali va tinimsiz mehnatlari natijalari xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlarida qo‘lga kiritilgan 11 ta oltin, 24 ta kumush, 45 ta bronza medallarda aks etib turibdi. Bu esa shak-shubhasiz mamlakatimiz yoshlarining barcha sohalar qatori fan va ta’limda hech kimdan kam emasligini yaqqol namoyon etmoqda. Faxr, g‘urur va iftixor bilan aytish mumkinki, akademik litsey nafaqat O‘zbekistonda yoki O‘rta Osiyoda, balki dunyoda bu boradagi eng ilg‘or va yagona ta’lim muassasidir.

Endi akademik litsey o‘quvchilari ishtirok etgan xalqaro fan olimpiadalari va tanlovlari to‘g‘risida biroz to‘xtalib o‘tamiz. Bejizga ularni nufuzli fan olmpiadalari deb aytmadik.

Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasi MDH, Boltiqbo‘yi va Janubi-Sharqiy Yevropa davlatlarining iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etib kelayotgan xalqaro olimpiada hisoblanadi. Mazkur olimpiada 1966 yildan boshlab o‘tkazilib kelinmoqda. Olimpiadada turli davlatlarning yuqori sinf o‘quvchilaridan iborat terma jamoalari ishtirok etadi. Bu yil ushbu olimpiada 55-marta o‘tkazilib, unda duyoning 30 mamlakatidan 200 nafar ishtirokchi kimyo fanidan murakkab va nostandart masalalarni yechishda kuch sinashdi. Akademik litsey o‘quvchilari Xalqaro Mendeleev kimyo olimpiadasida 2008 yilda birinchi marta ishtirok etib birdaniga 1 ta oltin va 1 ta kumush medalga ega bo‘lishdi. Mazkur xalqaro olimpiadada 2008-2021 yillar davomida jami 41 ta medal qo‘lga kiritildi, shundan 5 tasi oltin, 13 tasi kumun va 23 tasi bronza medallaridir.

Xalqaro kimyo olimpiadasi (International Chemistry Olympiad — IChO) o‘quvchilar o‘rtasida o‘tkaziladigan eng muhim nufuzli xalqaro tadbir hisoblanadi. Mazkur olimpiada birinchi marta 1968 yilda Pragada o‘tkazilgan. Shundan buyon har yili o‘tkazilib kelinadi (birgina 1971 yilda o‘tkazilmagan). Bugungi kunda unda dunyoning 80 ga yaqin davlatidan 300 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilari ishtirok etadi. Har bir davlatdan 4 nafardan ortiq bo‘lmagan o‘quvchi va 2 nafardan ortiq bo‘lmagan murabbiydan iborat tarkibdagi jamoa ishtirok etadi. Ishtirokchilar yoshi 20 dan oshmagan va oliy ta’lim muassasasida o‘qimayotgan bo‘lishi lozim.

Akademik litsey o‘quvchilarining Xalqaro kimyo olimpiadasidagi ishtirokibirinchi marta 2013 yildan boshlangan va birinchi yilidayoq 1 ta oltin medal qo‘lga kiritilgan. 2013-2020 yillar davomida litsey o‘quvchilari mazkur olimpiadada har yili ishtirok etishib, 2 ta oltin, 6 ta kumush, 9 bronza, jami 17 ta medal sohibi bo‘lishdi. 

  Xalqaro biologiya olimpiadasi (International Biology Olympiad IBO) 15 yoshdan 21 yoshgacha bo‘lgan o‘quvchilar o‘rtasida biologiyadan o‘tkaziladigan eng nufuzli va mashhur xalqaro fan olimpiadasi hisoblanadi. Har bir ishtirokchi davlat 4 nafar o‘quvchi va 2 nafar rahbardan iborat jamoasini yuboradi. Mazkur olimpiada birinchi marta 1990 yilda Chexoslovakiyada bo‘lib o‘tgan, shundan buyon har yili dunyoning turli davlatlarida o‘tkazilib kelinadi. Olimpiada ishtirokchilari har yili kengayib borib, hozir unda 5 qit’adagi 72 ta davlatdan 285 nafardan ortiq iqtidorli o‘quvchilar qatnashmoqda. Akademik litsey o‘quvchilari bu olimpiadada 2019 yilda ilk bor qatnashib, 2 ta bronza medali sohibi bo‘lishdi. 2020 yilda esa 1 ta oldin medal qo‘lga kiritilib, mazkur nufuzli xalqaro olimpidada jami 3 ta medalni egallashdi.

ChemiCo xalqaro kimyo tanlovi (International Chemistry Competition ChemiCo) Singapur davlatida ChemiCo kompaniyasi tomonidan o‘tkaziladigan xalqaro tanlov. Mazkur xalqaro tanlovda dunyoning 20 ga yaqin davlatidan 200 ga yaqin o‘quvchi ishtirok etmoqda.

Akademik litsey o‘quvchilari ChemiCo xalqaro kimyo tanlovida 2018,  2019 va 2020 yillarda ishtirok etib, 3 ta oltin, 5 ta kumush va 11 ta bronza, jami 19 ta medalni qo‘lga kiritdilar. Bu natijalar albatta davom etadi. Kelajakda hali bundan ham buyuk marralar, yanada yuqori cho‘qqilar zabt etilishiga ishonchimiz komil. Zero buning uchun litseyda barcha imkoniyatlar mavjud, sharoitlar yaratilgan. Eng asosiysi, yoshlarimizning qalbida o‘z bilimlariga ishonch, g‘alabaga intilish, yurtimiz bayrog‘ini yanda yuqori ko‘tarishdek mas’uliyatni xis qilish kabi tuyg‘ular jo‘sh urmoqda.